MECAS
Barcha yangiliklar

MECAS loyihasining Ikkinchi texnik treningi Portugaliyada boshlandi

07 Sentabr, 2026

7–9-sentabr kunlari davom etadigan tadbir University of Beira Interior (UBI) universitetining UBImedical markazida tashkil etilmoqda. Unda MECAS konsorsiumiga a’zo O‘zbekiston, Qozog‘iston va Yevropa mamlakatlaridagi hamkor oliy ta’lim muassasalari hamda tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.

Trening mashg‘ulotlari oflayn va onlayn ishtirok imkoniyatlari asosida olib borilmoqda. Mashg‘ulotlar davomida kelajakdagi Ecoinformatics magistratura dasturi uchun ishlab chiqilayotgan o‘quv modullari bo‘yicha taqdimotlar, nazariy va amaliy mashg‘ulotlar, muhokamalar hamda savol-javob sessiyalari tashkil etilmoqda.

Birinchi kun: Ecoinformatics bo‘yicha zamonaviy modullar

Treningning birinchi kuni MECAS loyiha koordinatori, University of Beira Interior hamda UBImedical vakillarining ochilish va tanishtiruv taqdimotlari bilan boshlandi.

7-sentabr kungi dastur doirasida Numerical Ecology, Citizen Science Green Application, Using GIS in Aquatic Ecomonitoring hamda R Programming in Ecology modullari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

Har bir modul doirasida mavzuga oid PPT taqdimotlar, o‘quv materiallari, metodologik yondashuvlar va amaliy tajribalar taqdim etilib, ishtirokchilar bilan muhokama qilinmoqda.

17 ta yangi kursdan 10 tasi Portugaliyadagi treningda

MECAS loyihasining asosiy maqsadlaridan biri — Orol dengizi hududidagi ekologik muammolarni o‘rganish va ularning yechimiga zamonaviy raqamli yondashuvlarni tatbiq etishga qaratilgan yangi Ecoinformatics magistratura dasturini yaratishdir.

Loyiha doirasida 2 yil va 120 ECTS kreditga mo‘ljallangan Ecoinformatics magistratura dasturi uchun jami 17 ta yangi kurs ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Portugaliyadagi mazkur trening ushbu 17 ta kursning 10 tasini qamrab oladi.

Trening davomida Numerical Ecology, Citizen Science Green Application, Using GIS in Aquatic Ecomonitoring, R Programming in Ecology, Terrestrial and Air-borne Remote Sensing and Spectrometry, Advanced GIS Spatial Analysis, Ecosystem Assessment and Management, Physical and Chemical Monitoring of the Environment, Geoinformation Systems in Ecology hamda Introductory Course to Google Earth Engine modullari bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etiladi.

Treningda nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy mashg‘ulotlar, laboratoriya ishlari va guruh loyihalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa learning-by-doing tamoyili asosida kelajakdagi MECAS ta’lim ekotizimi uchun zarur bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Uch kunlik dastur doirasida loyiha bo‘yicha ishchi uchrashuvlar ham o‘tkazilib, Ecoinformatics o‘quv dasturi va kurslarini ishlab chiqish, o‘quv materiallarini tayyorlash, sifatni ta’minlash, loyiha natijalarini keng targ‘ib qilish hamda yangi magistratura dasturini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinadi.

MECAS loyihasi Yevropa va Markaziy Osiyo oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, Ecoinformatics sohasida zamonaviy ta’lim imkoniyatlarini yaratish hamda Orol dengizi hududining ekologik muammolarini hal etishga hissa qo‘sha oladigan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan.

MECAS yangiliklarini kuzatib boring!

🌐 Rasmiy veb-sayt: https://mecas.uz/

MECAS loyihasining keyingi treninglari, Ecoinformatics magistratura dasturi, yangi o‘quv kurslari va loyiha doirasidagi xalqaro tadbirlar haqida rasmiy sayt hamda MECAS ijtimoiy tarmoqlari orqali muntazam ma’lumot berib boriladi.